O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi. Tomonlar fuqarolarga ikki mamlakatga 30 kungacha vizasiz sayohat qilish imkonini beruvchi bitimni imzoladi.
«O‘zbekiston va Xitoy davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida bugun hamkasbim bilan birgalikda fuqarolarimizga ikki mamlakatga 30 kun davomida vizasiz sayohat qilish imkonini beruvchi bitimni imzoladik. Bu hujjat aloqalarimizni yanada faollashtirish, savdo aylanmasini oshirish va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir».
Vizasiz rejim qachondan kuchga kirishi hozircha aniqlanmagan — bu haqda qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Ma’lumot uchun
- 2020-yil 1-yanvardan O‘zbekiston Xitoy fuqarolari uchun 7 kunlik vizasiz rejim joriy qilgan;
- 2021-yil 1-martdan bu muddat 10 kungacha uzaytirilgan;
- 2023-yil may oyida ikki davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida Xitoy ham o‘zbekistonliklar uchun vizasiz rejim joriy qilishni rejalashtirayotgani aytilgan edi.




